«Oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida guliston davlat universiteti, hamda bek cluster mchj bilan tuzilgan shartnoma asosida bajariladigan ishlar
Oliy ta’lim va ishlab chiqarish o’rtasida klasterli tizimga asoslangan integratsion faoliyat modeli Guliston davlat universiteti,“Bek Cluster” va boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligi asosida yaratiladi. BKQK o’simlik mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash texnologiyalari yo’nalishida yirik baza va ishlab chiqarish tizimini innovatsion ishlanmalar asosida tashkil etishga yo’naltirilgan imkoniyatga ega. Universitetda 5 ta ta’lim yo’nalishlari BKQKning ishlab chiqarish yo’nalishlariga mos keladi. Universitet va BKQK bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan bugungi kunda 3 ta innovatsion loyiha korxona ishlab chiqarish tizimida tadbiq etilmoqda hamda 4 ta amaliy loyihalar bo’yicha tadqiqotlar ushbu korxona bazasida hamkorlikda olib borilmoqda. Ushbu loyihalar bo’yicha olib borilayotgan tadqiqotlarga universitet olimlari, doktorant tadqiqotchi, magistrantlar va talabalar jalb qilingan. Korxonaning ishlab chiqarish bazalarida 8 ta ta’lim yo’nalishida tahsil olayotgan talabalarning o’quv amaliyotlari o’tkaziladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 aprelda Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida BKQK bazasida davlat sherikchiligi asosida universitet olim va talabalari faoliyatini jalb qilgan holda “Qishloq xo’jaligi o’simliklarini etishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy-amaliy markazi”ni tashkil etish bo’yicha qilingan qaror hamkorlikda olib borilayotgan amaliy faoliyatni yuqori darajada tashkil etishga muhim asos bo’ladi. Shunga ko’ra loyiha bo’yicha amalga oshiriladigan amaliy tadqiqotlar asosidaquyidagi natijalarga erishiladi:
– BKQK bazasida olib borilayotgan o’quv amaliyotlari mohiyatidan kelib chiqqan holda 5 ta ta’lim yo’nalishining o’quv dasturiga mos holda tegishli o’zgartirishlar kiritiladi;
– BKQK bazasida uning ichki imkoniyatlari asosida davlat sherikchiligida shakllantirilayotgan ilmiy-amaliy markaz laboratoriyalari (o’simlik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari, o’simlik va tuproq tahlili, o’simliklar selektsiyasi, o’simliklar himoyasi, to’qimachilik) hamda paxta tolasini qayta ishlash, to’qimachilik, oziq-ovqat texnologiyasi, issiqxona kabi texnoparklarda o’tkaziladigan amaliy mashg’ulotlar, tadqiqotchi va olimlar faoliyati asosida olib boriladigan amaliy hamda innovatsion tadqiqot yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda klasterli modelga asoslangan o’quv-ilmiy kompleks tashkil etiladi;
– kelgusida universitet va ishlab chiqarish korxonasi o’rtasida o’quv-ilmiy-ishlab chiqarishning simbiotik tuzilmasini aks ettiruvchi yirik “kampus” barpo etilishiga muhim bir asos bo’lib xizmat qiladi;
– klasterli modelga asoslangan o’quv-ilmiy kompleksi asosida “kelajak universiteti” modeli shakllantiriladi;
– oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida yaratiladigan o’quv-ilmiy kompleks nazariy bilim va fundamental tadqiqotlar (universitet), amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar (ilmiy-amaliy markaz), amaliyotlar (texnopark va ishlab chiqarish) bazalaridan iborat bo’ladi.